So‘zdan san’at yaratgan qalb egasi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Jizzax viloyat musiqali drama teatri tuppa mudiri, shoir Abduraim Lapasovning ijodiga bag‘ishlangan maqola «Jizzax haqiqati» gazetasining 2026-yil
15-aprel sonida nashr etildi.
Ushbu e’tirof ijodkorimizga haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Har bir jamiyatning ma’naviy rivoji va ruhiy boyligi, avvalo, uning madaniy hayoti va ma’rifat yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan insonlar hissasi bilan baholanadi. Madaniyat nafaqat sahnadagi asarlar yoki kitoblar orqali taqdim etilmaydi; u inson qalbiga ilm, ma’rifat va ezgulik ulashadigan, hayotni tushunish va qadrlashga o‘rgatadigan ustozlar, shoirlar va aktorlar mehnatida namoyon bo‘ladi. Madaniyat xodimlari faqat san’atkorlar emas, balki jamiyatning ma’naviy ustunligini ta’minlovchi barkamol insondir. Ular hayotning turli qirralarini xalqqa taqdim etib, yosh avlodni xulq-atvor va insoniy qadriyatlarga tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.

Abduraim Lapasov — o‘zbek teatr san’ati va adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan, ijod va sahna nafasini birlashtira olgan nodir ijodkorlardan biridir. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan oliy toifali artist, Jizzax viloyat musiqali drama teatri truppa mudiri sifatida nafaqat sahnada, balki qalam orqali ham yurt ma’naviyatiga xizmat qilib kelmoqda. Ayniqsa, uning bolalar shoiri sifatidagi faoliyati alohida e’tiborga loyiq — u yosh avlod qalbiga ezgulik, poklik va vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Ijodkor 2022-yildan buyon har yili muntazam ravishda o‘z she’riy to‘plamlarini nashr etib kelayotgani uning ijodiy intizomi va ruhiy izlanishlardan to‘xtamasligini yaqqol ko‘rsatadi. “Umr daraxti”, “Yurt qadri”, “Nur bo‘lib yasha”, “Men o‘sha” kabi kitoblari orqali u kitobxonlar qalbidan joy olib ulgurgan. Uning she’rlari o‘quvchini fikrlashga, his qilishga, o‘zini anglashga chorlaydi. Ijod namunalari nafaqat badiiy jihatdan, balki ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati bilan ham qadrlidir.

Shuningdek, Abduraim Lapasovning ijod namunalari “Yurak sadolari”, “Ma’rifat chiroqlari” almanaxlari hamda “Jizzax adiblari” nomli uch tomlik antologiyadan munosib o‘rin olgani uning adabiy jamoatchilik tomonidan tan olingan ijodkor ekanini tasdiqlaydi.

Yaqinda esa ijodkorning yangi — “Umr so‘qmoqlari” nomli she’riy to‘plami kitobxonlarga taqdim etildi. Ushbu kitobga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, professor Rahmatilla Barakayev so‘z boshi yozar ekan, to‘plamni inson umrining mazmunli va ibratli saboqlari sifatida baholaydi. Darhaqiqat, bu kitobdagi she’rlar hayotning turli qirralarini, inson qalbidagi kechinmalarni samimiy va ta’sirchan ifoda etadi.

To‘plamdan o‘rin olgan “Sahna va hayot” she’ri esa alohida e’tiborga molik. Ushbu she’rda muallif sahna va hayotni o‘zaro qiyoslar orqali chuqur falsafiy mazmunda talqin qiladi:

Sahnada ne turli manzara –

O‘zgarar oy-kunlar, fasllar.

Moziy ham jonlanar, bir qara,

Goh ortga chekinar asrlar.

Sahnada turli manzaralar, qiyofalar va obrazlar almashinib turgani kabi, hayot ham insonni turli sinovlar va qarorlar qarshisida qo‘yadi. Sahna — vaqt va makon chegaralarini buzuvchi, o‘tmish va hozirni birlashtiruvchi sehrli makon sifatida talqin qilingan.

Turfa xil insonlar, fe’l-atvor,

Turfa xil orzular, o‘y-xayol.

Qay biri firibgar va makkor,

Qay biri allloma, barkamol.

Bu to‘rtlikda qarama-qarshilik usuli ta’sirchan qo‘llangan. Muallif hayot va sahnada yaxshilik va yomonlik yonma-on yurishini, inson tanlovi uning kim bo‘lishini belgilashini anglatadi. Bu satrlar o‘quvchini o‘ylashga, o‘zini baholashga undaydi.

Ming turli holatu qiyofa,

Aylanar sahnaday bu hayot,

Kim “dod” deb o‘tar bu dunyoda,

Kimningdir hayoti sha’n, obod.

She’rda hayotning rang-barangligi, uning murakkab va ziddiyatli tabiati badiiy ifoda etilgan.

Men ham bu sahnada necha yil

Ko‘rindim turfa xil holatda.

Qalbimda va lekin hamisha

Sobitman bir tartib-odatga:

Bu misralar orqali shoir-aktor o‘z hayotini, o‘z yo‘lini, sahnada va hayotda orttirgan saboqlarini samimiy bayon etadi.

Mayli, bu sahnada kim bo‘lma

Yaxshimi, yomonmi namoyon.

Hayotda hech qachon turlanma,

Inson bo‘l, inson bo‘l, chin Inson!

Asardagi asosiy g‘oya — inson qanday sharoitda, qanday rolda bo‘lmasin, o‘z insoniyligini yo‘qotmasligi kerakligi haqidagi da’vatdir.
Abduraim Lapasov bu she’r orqali aktor sifatida sahnada turli qiyofalarga kirsa-da, hayotda o‘zligini saqlab qolish, insoniylikni ustuvor qo‘yish zarurligini ta’kidlaydi. Shu jihatdan qaraganda, “Sahna va hayot” — faqat she’r emas, balki ijodkorning umr yo‘li, hayotiy qarashlari va ma’naviy pozitsiyasining badiiy ifodasidir.

Shu bilan birga ijodkor kutubxonalarda, mahallalarda va maktablarda yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, davra suhbatlari tashkil etadi. U o‘z hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, kitoblarini beminnat tarzda kitobxonlarga va kutubxonalarga taqdim etadi.

Sahnadagi faoliyati, qalami va jonli muloqotlari orqali insonlar qalbiga ma’rifat ulashish yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotgan bunday ijodkorlar — jamiyat ma’naviyatining haqiqiy tayanchidir.

Charos Yoqubova,

teatr adabiy bo‘lim mudiri

Jizzax viloyat musiqali drama teatrining Matbuot xizmati (https://t.me/jizzaxteatr_media)

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *