2026-yilning 25-aprel kuni Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 103-maktabida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, bolalar shoiri, taniqli ijodkor, ustoz va adabiyot ixlosmandlari orasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Abduraim Lapasovning 72 yoshga to‘lishi munosabati bilan “Ijod — qalb nuri” nomli ijodiy uchrashuv va adabiy kecha tashkil etildi. Tadbir davomida Abduraim Lapasovning hayoti, ijodiy faoliyati va adabiyotga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritildi. Ijodkorning sermazmun hayot yo‘li, qalamga olgan mavzulari, ijod namunalarining mazmun-mohiyati o‘quvchilarga tanishtirildi.
Ijodiy kechada maktab o‘quvchilari tomonidan shoirning ijodidan namunalar o‘qildi, she’rlar yoddan aytildi hamda ijodkorning asarlariga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va she’riy kompozitsiyalar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Uchrashuv davomida Abduraim Lapasov o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ijodkorlik, kitobxonlik, ilm olish va ma’naviy kamolot haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ijodkor bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida mehmonlar va ustozlar Abduraim Lapasovni 72 yoshga to‘lgan yubileyi bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, uzoq umr hamda kelgusidagi ijodiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Bunday ijodiy uchrashuvlar yosh avlodning adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni kitobxonlikka jalb etish, milliy qadriyatlarimiz va ma’naviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.



