O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, betakror ijodi va o‘ziga xos sahna mahorati bilan san’at ixlosmandlari qalbidan munosib o‘rin egallagan Jamila Dehqonovaning tavallud kuniga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir davomida san’atkorning serqirra ijodiy faoliyati, sahnadagi yorqin obrazlari hamda milliy san’atimiz rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi haqida so‘z yuritildi. Uchrashuv ishtirokchilari Jamila Dehqonovaning ijod yo‘li, hayotiy tajribalari va san’atga bo‘lgan mehr-muhabbatiga oid qiziqarli xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida san’atkorning ijodidan namunalar va samimiy tilaklar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, Jamila Dehqonova bilan bevosita muloqot, uning ijodiy faoliyati haqidagi suhbatlar uchrashuvga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bunday ijodiy uchrashuvlar san’atkor va muxlislar o‘rtasidagi samimiy rishtalarni mustahkamlash, yosh avlodni milliy san’atimizga hurmat va mehr ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir so‘ngida Jamila Dehqonovaga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, uzoq umr va ijodiy parvozlar tilandi. San’atkorning qalblarga quvonch ulashuvchi ijodi bundan buyon ham yangi va yorqin asarlar bilan boyishiga tilak bildirildi.



